
Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish hamda oliy ta’lim tizimining global maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan muhim jarayonlar izchil davom etmoqda. Ana shunday ustuvor vazifalardan biri bo‘lgan xalqaro akkreditatsiya doirasida Germaniyaning nufuzli ASIIN (Accreditation Agency for Study Programmes in Engineering, Informatics, Natural Sciences and Mathematics) agentligi ekspertlari universitetning Fizika-matematika fakultetida bo‘lib, ta’lim infratuzilmasi va amaliy mashg‘ulotlar jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif davomida ekspertlar fakultetdagi o‘quv laboratoriya xonalari, ularning texnik jihozlanganlik darajasi, zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanganligi hamda ushbu imkoniyatlarning ta’lim jarayoniga samarali integratsiya qilinishi bo‘yicha batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Laboratoriyalarda talabalar uchun yaratilgan amaliy muhit, nazariy bilimlarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi tajriba mashg‘ulotlari, ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatlari va innovatsion texnologiyalardan foydalanish amaliyoti ekspertlar tomonidan alohida o‘rganildi.

Ekspertlar laboratoriya mashg‘ulotlarining o‘quv dasturlari bilan uyg‘unligi, talabalarning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishdagi o‘rni hamda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlashdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdilar.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda fizika va matematika yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan talabalar uchun yaratilayotgan amaliy baza nafaqat nazariy bilimlarni chuqurlashtirish, balki mustaqil tadqiqot olib borish, ilmiy loyihalarda ishtirok etish va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish imkonini ham bermoqda.
Tashrif davomida laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar, tadqiqot loyihalari hamda innovatsion yondashuvlar yuzasidan ham fikr almashildi. Ekspertlar universitetda ilm-fan va ta’lim integratsiyasini ta’minlash, talabalarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda xalqaro talablarga mos akademik muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur jarayonlar universitetning strategik rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘un holda olib borilayotgani, ta’lim sifatini muntazam takomillashtirish va xalqaro tajribalarni joriy etishga qaratilgani alohida e’tirof etildi.
ASIIN ekspertlarining tashrifi Farg‘ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan xalqaro akkreditatsiya jarayonlarining muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayon universitetning ta’lim dasturlari, ilmiy salohiyati va moddiy-texnik bazasining xalqaro mezonlar asosida baholanishiga xizmat qiladi.
Xalqaro akkreditatsiya esa o‘z navbatida ta’lim sifati va bitiruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda universitetning xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlashga zamin yaratadi.
Bugun universitetda yaratilayotgan zamonaviy ta’lim muhiti, ilg‘or laboratoriyalar va sifatli akademik infratuzilma nafaqat talabalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga, balki Farg‘ona davlat universitetining xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. ASIIN ekspertlarining navbatdagi tashrifi esa ushbu ezgu maqsadlar yo‘lida tashlangan muhim qadamlardan biri sifatida ahamiyat kasb etadi.