Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 521
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 63
    • Arizalar 405
    • Shikoyatlar 53
  • Ko`rib chiqilmoqda 36

FARG‘ONADA MATBUOT BAYRAMI: “YANGI O‘ZBEKISTON” VA “PRAVDA VOSTOKA” IJODIY MULOQOT MAYDONIDA

09:04, 12.06.2026      

Farg‘ona viloyatida mamlakatning yetakchi bosma nashrlari — “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari yuqori saviyada tashkil etilib, keng jamoatchilik, jurnalistlar, ijodkorlar hamda talaba-yoshlar uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Bir necha kun davom etgan tadbirlar doirasida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va ijodiy suhbatlar o‘tkazilib, matbuotning bugungi jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati keng muhokama qilindi.

Tadbirlarning eng muhim qismi Farg‘ona davlat universitetida tashkil etilgan ijodiy uchrashuv bo‘ldi. Unda gazeta tahririyati vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etib, zamonaviy jurnalistikaning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvni universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov ochib berib, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni aholiga tezkor, haqqoniy va xolis yetkazishda “Yangi O‘zbekiston” hamda “Pravda Vostoka” gazetalarining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ushbu nashrlar nafaqat axborot manbai, balki fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qilayotgan muhim media platformalardir.

Muloqot davomida Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Dilshoda Ergasheva, “Farg‘ona viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi rahbari Ibrohimjon Halimbekov hamda boshqa mutaxassislar so‘zga chiqib, gazetalarning ijodiy yondashuvi, tahliliy materiallari va milliy jurnalistika rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Alohida ta’kidlanganidek, 2020-yilda tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” gazetasi qisqa vaqt ichida mamlakatdagi eng faol va ta’sirchan nashrlardan biriga aylandi. Gazeta sahifalarida demokratik islohotlar, iqtisodiy o‘zgarishlar, ijtimoiy hayotdagi yangiliklar hamda xalqni qiziqtirayotgan dolzarb masalalar keng va xolis yoritib kelinmoqda. Natijada nashr bugungi kunda jamoatchilik fikrini shakllantirishda muhim o‘rin tutayotgan zamonaviy axborot platformasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Tadbir davomida jurnalistika sohasining bugungi rivojlanish tendensiyalari, media makonida raqobatbardosh va sifatli kontent yaratish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda media savodxonlikni oshirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Ayniqsa, talabalar uchun tajribali jurnalistlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, kasb sirlarini o‘rganish va amaliy tavsiyalar olish imkoniyati yaratilgani katta qiziqish uyg‘otdi.

Ishtirokchilarning fikricha, bunday uchrashuvlar matbuot va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlar orasida mutolaa va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, eng muhimi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farg‘onada tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari ham ana shu maqsadlarga xizmat qilgan, ochiq muloqot, ijodiy hamkorlik va tajriba almashish maydoniga aylangan mazmunli tadbir sifatida ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi. Bu kabi uchrashuvlar ommaviy axborot vositalarining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga, yosh avlodni soha rivojiga keng jalb etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.