
Farg‘ona davlat universitetida yoshlarni oliy ta’limga keng jalb etish, ularning kasbiy yo‘nalishini to‘g‘ri tanlashiga ko‘maklashish hamda sport sohasida erishilayotgan yutuqlarni targ‘ib qilish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Farg‘ona shahar 1-sonli sport maktabida tashkil etildi.
Uchrashuvda Farg‘ona davlat universiteti Sport faoliyati fakulteti Yakkakurash sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professor-o‘qituvchilari M. Xamroliyev, G. Karimova, N. Qosimova, J. Muxtorov, S. Sheraliyev hamda B. Yakibjonov ishtirok etib, sportchi yoshlar va maktab bitiruvchilari bilan samimiy davra suhbati o‘tkazdilar.
Muloqot davomida yoshlar uchun mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, sport infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda oliy ta’lim tizimida yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, universitetning ta’lim, ilmiy va sport sohalaridagi salohiyati, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda sportchi-talabalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida so‘z yuritildi.
Professor-o‘qituvchilar sport maktabi tarbiyalanuvchilariga Dzyudo, Shaxmat, Taekwondo WT, Belbog‘li kurash, Yunon-rum kurashi, Erkin kurash va boshqa sport yo‘nalishlari bo‘yicha universitetda olib borilayotgan o‘quv-amaliy faoliyat, sport to‘garaklari hamda iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdilar.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda, xususan Farg‘ona vodiysida sportchilar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, zamonaviy sport inshootlari, xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlar va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda. Bu esa kelajakda professional sportchilar, murabbiylar va sport sohasi mutaxassislarini tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davra suhbati davomida abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berilib, universitetga qabul jarayonlari, ta’lim yo‘nalishlari, sport sohasidagi istiqbolli kasblar hamda talabalik hayoti haqida batafsil tushunchalar berildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan amaliy tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv yakunida professor-o‘qituvchilar sportchi yoshlarni ta’lim va sportni uyg‘un olib borishga, o‘z ustida muntazam ishlashga, yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan yetuk sportchilar va mutaxassislar bo‘lib yetishishga chaqirdilar.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sport va ta’lim integratsiyasini mustahkamlash hamda kelajakdagi kasbiy faoliyatini ongli ravishda tanlashiga ko‘maklashishi bilan ahamiyatlidir.