Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 521
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 63
    • Arizalar 405
    • Shikoyatlar 53
  • Ko`rib chiqilmoqda 36

SPORTDAGI MUVAFFAQIYATLAR SARHISOBI

15:17, 13.06.2026      


Farg‘ona davlat universitetida sport sohasida erishilgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov sport faoliyati va Jismoniy madaniyat fakultetlari professor-o‘qituvchilari bilan muloqot qilib, so‘nggi yillarda qo‘lga kiritilgan natijalarni atroflicha tahlil qildi.

Samimiy va ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda universitet sportchilari tomonidan respublika miqyosidagi nufuzli musobaqalarda qayd etilgan yutuqlar alohida e’tirof etildi. Xususan, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”da qo‘lga kiritilgan 18 ta medal hamda jamoaning mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgani, shuningdek, “Talabalar ligasi” musobaqalaridagi muvaffaqiyatlar universitet sport salohiyatining yuksalayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida sport sohasida erishilgan bugungi natijalar uzoq yillik mehnat, tizimli yondashuv va samarali boshqaruv mahsuli ekani qayd etildi. Ta’kidlanganidek, bundan o‘n yil avval bunday yuksak natijalar ko‘pchilik uchun orzu bo‘lgan bo‘lsa, bugun sportdagi shaffoflik va adolat tamoyillarining qaror topishi, iste’dodli yoshlarni saralash tizimining takomillashgani hamda har bir talaba bilan individual ishlash mexanizmlarining yo‘lga qo‘yilgani o‘zining amaliy samarasini bermoqda.

Rektor professor-o‘qituvchilarning fidokorona mehnati, sportchilarni tayyorlashdagi mas’uliyatli yondashuvi va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdagi xizmatlarini yuqori baholab, barcha jamoa a’zolarini erishilgan yutuqlar bilan tabrikladi.

Shuningdek, uchrashuvda universitet sportini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro maydonlarda raqobatbardosh sportchilarni tayyorlash, sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda talabalar o‘rtasida ommaviy sport harakatini kengaytirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi. Bu borada aniq maqsad va vazifalarni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

Yakunda sport sohasidagi mavjud yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, yanada yuqori natijalarga erishish, universitet nufuzini respublika va xalqaro miqyosda mustahkamlash yo‘lida barcha imkoniyatlarni safarbar etish zarurligi ta’kidlandi.

Farg‘ona davlat universitetida sportga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar va tizimli islohotlar kelgusida ham yangi g‘alabalar, yirik musobaqalardagi muvaffaqiyatlar hamda iqtidorli sportchilar safining kengayishiga xizmat qilishi shubhasiz.