Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 521
  • Ko`rib chiqilganlar 487
    • Takliflar 63
    • Arizalar 405
    • Shikoyatlar 53
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

FARDUDA “VATANGA QASAMYOD” MAROSIMI: VATAN HIMOYASIGA SADOQATNING TANTANALI IFODASI

12:31, 15.06.2026      

Harbiy qasamyod — bu o‘zbek o‘g‘lonining Vatan oldidagi yuksak mas’uliyati, xalqiga bo‘lgan cheksiz sadoqati va ona yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yorqin ifodasidir. Unda xalqimizning boy tarixiy merosi, ajdodlarimizning ezgu orzu-intilishlari, milliy qadriyatlar va urf-odatlarga bo‘lgan chuqur hurmat mujassamdir.

Farg‘ona davlat universiteti Harbiy ta’lim fakultetida kursantlarning “Vatanga qasamyod” tantanali marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu muhim tadbirda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov, Sharqiy harbiy okrug hamda fakultet rahbariyati, faxriylar, kursantlarning ota-onalari, bobo-buvilari va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirni universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov kirish so‘zi bilan ochib berib, mamlakatimizda yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

— “Yurtimizni asrash har bir er yigitning muqaddas burchidir. Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilish sharaf va mas’uliyatdir,” — deya ta’kidladi rektor.

Tantanali marosim O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining jarangdor sadolari ostida boshlandi. Tadbir davomida Sharqiy harbiy okrugning harbiy orkestr jamoasi hamda harbiy qorovul qo‘shinlarining jangovar bayroq bo‘linmasi tomonidan namoyish etilgan musiqiy va harbiy-ko‘rgazmali chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Harbiy intizom, mardlik va fidoyilikni aks ettirgan chiqishlar yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va faxr tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati Faxriylar kengashi vakillari, harbiylar hamda kursantlarning ota-onalari so‘zga chiqib, qasamyod qilayotgan yoshlarni muborakbod etdilar. Ular yurt himoyasi yo‘lini tanlagan farzandlarning jasorati va qat’iyatini yuksak baholab, ularga sharafli xizmat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.

Ma’lumot o‘rnida, Harbiy ta’lim fakultetining 2-bosqichida tahsil olayotgan 124 nafar kursant ushbu tantanali marosimda harbiy qasamyod qabul qildi. Bu nafaqat ularning harbiy faoliyatidagi muhim bosqich, balki Vatan oldidagi mas’uliyat va burchni chuqur anglash yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Ayniqsa, marosimda ishtirok etgan kursantlarning ota-onalari va bobo-buvilarining hayajoni tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Ular bugungi tinch va osoyishta hayot uchun shukronalik bildirib, yurt ravnaqi va farovon kelajagi yo‘lida xizmat qilayotgan yosh avlodga bo‘lgan ishonchlarini izhor etdilar.

Farzandlarining harbiy qasamyod qabul qilayotganini ko‘rgan ota-onalarning ko‘zlaridagi quvonch, qalblaridagi g‘urur va ezgu tilaklar ushbu kunning eng unutilmas va ta’sirchan lahzalaridan biri bo‘ldi. Ular Vatan himoyasi yo‘lida kamol topayotgan jasur, fidoyi va vatanparvar o‘g‘lonlar bilan cheksiz faxrlanishlarini samimiy tuyg‘ular bilan ifoda etdilar.

“Vatanga qasamyod” marosimi yosh kursantlarning Vatanga sadoqat, xalq manfaatlariga xizmat qilish va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash yo‘lidagi qat’iy ahdini namoyon etgan yuksak ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida barchada chuqur taassurot qoldirdi.