Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 521
  • Ko`rib chiqilganlar 487
    • Takliflar 63
    • Arizalar 405
    • Shikoyatlar 53
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

FARG‘ONA DAVLAT UNIVERSITETIDA “YUKSALISH SIMFONIYASI” – YUKSAK TAFAKKUR TARANNUMI

14:51, 17.06.2026      

Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) Bosh direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi, taniqli shoir va publitsist Abdusaid Ko‘chimovning yangi nashr etilgan “Yuksalish simfoniyasi” kitobi taqdimoti hamda O‘zA ijodiy jamoasi bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbir ilm-fan, adabiyot va jurnalistika vakillarini bir maydonga jamlagan ma’rifiy muloqot sifatida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirni Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov ochib berdi. U o‘z nutqida Abdusaid Ko‘chimovni nafaqat mamlakat jurnalistikasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tajribali rahbar, balki nozik did va teran tafakkur sohibi bo‘lgan iste’dodli shoir sifatida e’tirof etdi. Shuningdek, yangi kitobda publitsistik mushohada va badiiy tafakkur o‘zaro uyg‘unlashib, o‘quvchini yurt taraqqiyoti, ma’naviy yuksalish va inson kamoloti haqida chuqur mulohaza yuritishga chorlaydigan asarlar jamlanganini ta’kidladi.

Taqdimot davomida kitob nomining mazmun-mohiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, “yuksalish” tushunchasi xalqning ma’naviy, intellektual va ijtimoiy taraqqiyotini ifodalasa, “simfoniya” esa tafakkur, go‘zallik va uyg‘unlikning yuksak namunasi sifatida talqin etiladi. 17 ta maqoladan iborat ushbu to‘plamda jamiyat taraqqiyoti, inson qadri, milliy o‘zlik, ma’naviyat va zamonaviy islohotlarning mazmuni teran publitsistik ruhda yoritilgan.

Tadbirda viloyat va respublika miqyosidagi qator jamoat arboblari, ijodkorlar hamda ziyolilar ishtirok etib, kitobning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati, muallifning ijodiy faoliyati va O‘zbekiston Milliy axborot agentligining mamlakat axborot makonidagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Jumladan, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov, Viloyat kasaba uyushmalari Kengashi raisi o‘rinbosari Lola Ahmedova, Viloyat teleradiokanali davlat muassasasi direktori Ibrohimjon Halimbekov, “Quva hayoti” gazetasi bosh muharriri, taniqli ijodkor Zuxraxon Aliyeva, FarDU Jamoatchilik kengashi raisi, dotsent Abdug‘affor Sharafuddinov hamda universitet professori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Siddiq Mo‘minov so‘zga chiqib, Abdusaid Ko‘chimovning ko‘p qirrali ijodi, jurnalistik faoliyati va ma’naviy-ma’rifiy merosi haqida atroflicha fikr bildirdilar.

Uchrashuv davomida talabalar, professor-o‘qituvchilar va yosh ijodkorlar O‘zA faoliyati, zamonaviy jurnalistikaning dolzarb masalalari, ijodkor mas’uliyati hamda kitob yaratish jarayoni yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbir yoshlar uchun katta ma’naviy maktab vazifasini o‘tadi.

Tadbir yakunida Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov Abdusaid Ko‘chimovga universitet olimlari tomonidan tayyorlangan uch jildlik “Farg‘ona tarixi” kitobini hamda esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi. Ushbu ehtirom ilm-fan, adabiyot va jurnalistika o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi ramziy voqea sifatida ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olindi.

Mazkur taqdimot va ijodiy uchrashuv Farg‘ona davlat universitetida ma’naviy-ma’rifiy muhitni boyitish, yoshlarni kitobxonlikka, mustaqil fikrlashga va ijodiy izlanishga rag‘batlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi. “Yuksalish simfoniyasi” kitobi esa o‘z mazmuni bilan o‘quvchilarni yurt taraqqiyoti va inson kamoloti haqidagi mushohadalarga chorlovchi muhim ma’naviy manba sifatida e’tirof etildi.