Farg‘ona davlat universiteti haqida qisqacha ma’lumot
Farg‘ona davlat universiteti 1930-yilda Farg‘ona davlat pedagogika instituti sifatda tashkil qilingan. Farg‘ona davlat pedagogika instituti nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki O‘zbekistonning eng yirik va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblangan.
1991-yil 1-martda Farg‘ona shahrida Pedagogika instituti negizida yangi oliy o‘quv yurti – universitet tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shunday qilib, mustaqillik e’lon qilinishi arafasida vodiyda birinchi, Respublikada esa to‘rtinchi universitet – Farg‘ona davlat universiteti tashkil etildi.
Hozirda universitetda 13 ta fakultet, 48 ta kafedra faoliyat ko‘rsatib, 60 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 34 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Jami professor-o‘qituvchilar soni 997 nafar, 61 nafar fan doktori, 294 nafar fan nomzodi (PhD), dotsentlar bo‘lib, ilmiy salohiyat 36% ni tashkil etadi. Talabalar soni jami 31840 nafar, shundan 37 nafari xorijiy talabalardir. Magistrantlar soni esa 1538 nafarni tashkil etadi.
So‘nggi 2 yil davomida 5 ta kafedra, 7 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi,
4 ta magistratura mutaxassisligi yangi tashkil etilgan.
2021-2022 o‘quv yilida Farg‘ona davlat universiteti hamda Qozon Fedaral universiteti (KFU) o‘rtasida bakalavrning filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3+1 qo‘shma ta’lim dasturi tashkil qilindi. Bu dastur doirasida 30 nafar talaba tahsil olmoqda.
2023 yilda universitet Vengriya qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari universiteti (MATE) bilan hamkorlikda Agrar qo‘shma fakulteti tashkil qilindi. 2023 yilning 6-7 iyun kunlari ikki OTM o‘rtasida birinchi halqaro Forum o‘tkazildi.
2023-2024 o‘quv yilidan boshlab, Xitoy Xalq Respublikasining Shimoliy g‘arbiy universiteti va Loyang shahri Arxeologik tadqiqot universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma kafedra (Arxeologiya O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma kafedrasi) faoliyatini yo‘lga qo‘yilmoqda.
Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan 2022, 2023 yillarda 61 ta darsliklar, 117 ta o‘quv qo‘llanmalar, 224 ta o‘quv-uslubiy ko‘rsatmalar, 300 ta monografiyalar chop etilgan va 157 ta mualliflik guvohnomasi hamda 4 ta ixtiro uchun patentlar qo‘lga kiritilgan.
Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan respublika va xorijiy tashkilotlar tomonidan e’lon qilingan grantlarda 89 ta loyihalar yutib olingan.
2022 yilda 28 nafar professor-o‘qituvchi va 6 nafar talaba Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Farg‘ona davlat universitetida Gender tengligi tadqiqotlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek “Bolajon” innovatsion markazi tashkil etilgan. “Nilufar” teatr studiyasi zali ta’mirdan chiqarilib, uning faoliyati qaytadan tashkil etilgan. Universitetda “Zakovat” intellektual o‘yini uchun jihozlangan maxsus maydon tashkillangan va uning muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Universitetda talabalarning o‘qishi va ilmiy izlanishlari uchun 200 o‘rinli kutubxona, o‘quv zallari, axborot-resurs markazida yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. 2021 yilda talabalar foydalanishi uchun 150 o‘rinli internet bilan ta’minlangan, WiFi hududli “Book kafe” bunyod etilgan.
2023 yilda Farg‘ona davlat universiteti jami 12 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan anglashuv memorandumlari imzolagan. Universitetning xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan imzolagan memorandum va hamkorlik shartnomalari 90 taga yetkazilgan.
2023 yilda universitetning kafedralari tomonidan o‘quv jarayoniga nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan xalqaro dasturlar hamda o‘zaro hamkorlik doirasida 50 nafar professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.
Joriy yilning yanvar-may oylarida universitet professor-o‘qituvchilarining 40 nafari dunyoning nufuzli TOP 1000 talikdan joy olgan oliy ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlarini olib bordilar.
Xozirgi kungacha universitetning 12 nafar professor-o‘qituvchilari xorijiy oliy ta’lim muassasalariga malaka oshirish, stajirovka kurslariga yuborilgan. Joriy yilning yanvar-may oylarida universitet professor-o‘qituvchilarining 21 nafari xalqaro konferensiyalarda ishtirok etdilar. Talabalar akademik almashinuvi dasturi doirasida umumiy talabalar soni 5 nafarni tashkil etadi. Hozirda Farg‘ona davlat universitetida jami 37 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. 36 nafar bakalavr, 1 nafar doktorantura.