Talabaning har bir fan bo‘yicha o‘zlashtirish darajasi talabalarning bilim, malaka va ko‘nikmalari 100 ballik tizim asosida butun sonlar bilan amalga oshiriladi. Talabalar bilimini hisobga olish alohida baholanadigan kurs ishi (loyiha, jadval-hisoblash ishi), amaliyot (stajirovka), yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi, shuningdek magistrlik dissertatsiyasi bo‘yicha o‘zlashtirishi 5 baholik tizimda amalga oshiriladi
Talabaning semestr mobaynidagi har bir fan bo‘yicha o‘zlashtirishi ballik tizim asosida butun sonlar bilan baholanadi hamda yakunda 5 baholik tizimga konvertatsiya qilinadi.
Ballar nazorat turlari bo‘yicha quyidagicha taqsimlanadi:
oraliq nazorat(lar)ga — 50 foizgacha (fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda, kafedra tomonidan ma’ruza, amaliy, seminar hamda laboratoriya mashg‘ulotlariga ajratiladi);
yakuniy nazorat – 50 foizgacha (universitet tomonidan ajratiladi).
Oraliq nazorat 50 ball bilan baholanadi va quyidagicha taqsimlanadi:
- seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari bo‘yicha -15 ball;
- mustaqil ta’lim bo‘yicha -15 ball;
- oraliq nazorat bo‘yicha -20 ball.
Fan bo‘yicha oraliq nazorat turi ishchi dastur (sillabus)da aniq ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘lishi shart. Oraliq nazorat 2 marta o‘tkaziladigan fan (modul)lar bo‘yicha oraliq nazorat bali o‘tkazilgan nazorat ballarining o‘rta arifmetik qiymati shaklida rasmiylashtiriladi.
Talabalarning ta’lim natijalarini nazorat qilishda quyidagi usullardan foydalanish tavsiya etiladi: yozma, og‘zaki, amaliy, test, o‘quv loyihasi, assisment, portfolio.
Talaba tegishli fan bo‘yicha yakuniy nazorat turi o‘tkaziladigan muddatga qadar oraliq nazorat turini topshirgan bo‘lishi hamda oraliq nazorat natijalari fan o‘qituvchisi tomonidan elektron ta’lim platformasi tizimiga kiritilishi zarur.
Talaba tomonidan oraliq nazoratlardan o‘zlashtirish natijasi 60-100 foiz bo‘lganida yakuniy nazoratga qo‘yiladi. 0-59 bo‘lganida esa mazkur fandan akademik qarzdor bo‘ladi va yakuniy nazoratga qo‘yilmaydi.
Yakuniy nazorat asosan tayanch tushuncha va iboralarga asoslangan «Yozma ish», «Test», «Og‘zaki» yoki «Amaliy ish bajarish» shaklida o‘tkaziladi. Yakuniy nazorat kompyuter dasturlari yordamida o‘tkazilishi mumkin.
Yakuniy nazorat savollari tegishli kafedra tomonidan tuziladi. Savollar soni kafedra tavsiyasiga asosan O‘quv-uslubiy boshqarma tomonidan belgilanadi.
Savollar:
talabalarning o‘tgan o‘quv yillarida tayyorlangan yozma ishlardan foydalanish imkoniyatini istisno qilish uchun zaruratga ko‘ra yangilanishi;
aniq, ta’lim yo‘nalishlari malaka talablariga asoslangan va amaliyot bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi;
mazmuni fan o‘quv dasturiga muvofiq bo‘lishi;
o‘z ichiga o‘quv dasturining tegishli bo‘limlarini to‘liq qamrab oluvchi materiallarni mujassam qilgan bo‘lishi;
talabalarning fanni o‘zlashtirish darajasini, tahlil qilish ko‘nikmalarini, mustaqil fikrlash va kelajakdagi kasbiy faoliyatlarida mustaqil qarorlar qabul qilish qobiliyatlarini aniqlashga qaratilgan bo‘lishi lozim.