O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
CHET TILLARNI O'RGANISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO'G`RISIDA
Qayd etib o`tilsinki, mamlakatda O'zbekiston Respublikasining «Ta`lim to`g`risida»gi Qonunini hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish doirasida chet tillarga o`qitishning kompleks tizimi, ya`ni uyg`un kamol topgan, o`qimishli, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni shakllantirishga, respublikaning jahon hamjamiyatiga yanada integrasiyalashuviga yo`naltirilgan tizim yaratildi.
Mustaqillik yillarida 51,7 ming nafardan ziyod chet tillar o`qituvchilari tayyorlandi, umumta`lim maktablarining 5 — 9 sinflari uchun ingliz, nemis va fransuz tillari bo`yicha multimedia darsliklari, boshlang`ich sinflarda ingliz tilini o`rganish bo`yicha elektron resurslar tayyorlandi, umumta`lim maktablarida, kasb-hunar kollejlari va akademik lisyeylarda 5 mingdan ko`proq lingafon kabinetlari jihozlandi.
Shu bilan birga, chet tillarni o`rganishni tashkil qilishning amaldagi tizimini tahlil etish shuni ko`rsatmoqdaki, ta`lim standartlari, o`quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg`or axborot va media-texnologiyalardan foydalanish borasidagi talabga to`liq javob bermayapti. Ta`lim asosan an`anaviy uslublarda olib borilmoqda. Ta`lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o`rganishni tashkil qilish, shuningdek, o`qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o`quv-uslubiy materiallar bilan ta`minlash yanada takomillashtirilishini taqozo etadi.
Zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda o`qitishning ilg`or uslublarini joriy etish yo`li bilan, o`sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o`qitish, shu tillarda erkin so`zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon sivilizasiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko`lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish maqsadida:
1. Belgilab qo`yilsinki, 2013/2014 o`quv yilidan boshlab:
respublikaning barcha hududida chet tillarni, asosan, ingliz tilini o`rganish umumta`lim maktablarining birinchi sinflaridan o`yin tarzidagi darslar va og`zaki nutq darslari shaklida, ikkinchi sinfdan boshlab esa, alifbo, o`qish va grammatikani o`zlashtirishdan bosqichma-bosqich boshlanadi;
oliy o`quv yurtlarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar bo`yicha o`qitish chet tillarda olib boriladi;