Ekran o‘lchami:
Shrift o‘lchami:

Har kuni: 10:00 - 12:00


Qabul vaqti: har kuni 9:00-14:00

Fizika-matematika fakulteti haqida ma’lumot
Fakultet 1930-yilda fizika-matematika nomi bilan ochilgan va 1962-yilga qadar shu nom bilan faoliyat yuritgan. Fakultetning birinchi dekani shu institutni birinchilar qatori tamomlagan Rahim Karimovich Otajonov bo‘lgan va u 1930-1937 -yillarda fakultetni boshqargan. Undan so‘ng 1937-1940-yillarda dotsent Sokolov Georgiy Timofeyevich, 1941-1955-yillarda O‘rmonov Hamid O‘rmonovich, 1953-1955-yillarda Inomov Ibrohim Inomovich, 1958-1959-yillarda So‘fiyev Tilavoldi So‘fiyevich va 1955-1958, 1959-1962-yillarda professor Karimov Jamol Xudoyberdiyevichlar boshqardilar.
1962-yilda fizika-matematika fakulteti alohida fizika fakulteti hamda matematika fakulteti bo‘lib ajraldi. Matematika fakultetida dekan lavozimlarida 1962-1968- yillari Qo‘chqor Boyqo‘ziyevich Boyqo‘ziyev, 1968-1975-yillarda Najmiddin Sotvoldiyevich Sotvoldiyev, 1975-1980-yillarda Qo‘chqor Sarimsoqovich Sarimsoqov, 1980-1987-yillarda Qalandar Xolmatov, 1987-1999-yillarda Qo‘nok Huseinovich Shabadikov, 1999-2004-yillarda Xursanali Nurmatovich Qosimovlar faoliyat ko‘rsatishgan.
2004-yilga kelib, fizika fakulteti bilan matematika fakulteti yana birlashtirilib, fizika-matematika fakulteti deb nomlandi. Uni 2004-2008-yillarda f.-m.f.d., professor Rustam Yavkachovich Rasulov, 2008-2011-yillarda dotsent Xursanali Nurmatovich Qosimov, 2011-yilda fizika-matematika fanlari nomzodi Abdurashid Tolibjonovich Abduqodirovlar boshqargan bo‘lsa, 2011-2016-yillarda fizika-matematika fanlari nomzodi Tojiboyev Ibrohimjon Tojialiyevich, 2016-2019- yillari Qodirov Komiljon Raximovich, 2019-2021-yillarda esa fizika-matematika fanlari doktori Shaxobiddin Tuychiboyevich Karimov boshqargan. Fizika-matematika fakulteti 2022-yil 1-oktyabrdan ikkiga ajragan holda fizika-texnika va matematika-informatika fakultetlariga bo‘lindi. Matematika-informatika fakultetini 2021- yil yanvar oyidan 2022-mart oyiga qadar fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent G‘oziyev Qobiljon Solijonovich, 2022-yil mart oyidan 2024-yil avgust oyigacha fizika-matematika fanlari nomzodi dotsent Xaydarov Ibroxim Usmonaliyevich boshqargan.
2024-yilning avgust oyida matematika-informatika va fizika-texnika fakultetlari birlashtirilib, fizika-matematika fakulteti deb nomlandi va shu davrdan boshlab pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD), dotsent Bakirov To‘lqinjon Yunusaliyevich fizika-matematika fakulteti dekani lavozimida faoliyat olib bormoqda.
2024-2025-o‘quv yilida fakultetda asosiy shtatda jami 82 nafar professor-o‘qituvchilar, jumladan 6 nafar fan doktori professorlar, 43 nafar fan nomzodi dotsentlar va 33 nafar katta o‘qituvchi va o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Fakultet ilmiy salohiyati 59,7% ni tashkil qiladi.
Kafedralar kesimida ilmiy salohiyat fizika kafedrasida 79%, matematik analiz va differensial tenglamalar kafedrasida 75%, texnologik ta’lim kafedrasida 60%, amaliy matematika va informatika kafedrasida 58%, matematika kafedrasida 48%, axborot texnologiyalari kafedrasida 22 %ni tashkil qiladi.
Hozirgi kunda fakultetda talabalar amaliy matematika, matematika, fizika, texnologik ta’lim,kompyuter ilmlari, axborot tizimlari va texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqdalar.
Bundan tashqari, 2000-yildan boshlab fakultetda differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, matematika o‘qitish metodikasi, matematika (matematik analiz), yarim o‘tkazgichlar fizikasi, fizika o‘qitish metodikasi, kondensatsiyalangan muhitlar fizikasi va materialshunoslik, fizika (yo‘nalishlar bo‘yicha) kabi mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlangan bo‘lsa, hozirgi kunda matematika (matematik analiz) kondensatsiyalangan muhitlar fizikasi va materialshunoslik, fizika (yo‘nalishlar bo‘yicha), texnologika ta’lim kabi mutaxassisliklar bo‘yicha magistrantlar tayyorlab kelinmoqda. O‘tgan davrlar mobaynida fakultetda differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va statistika, hisoblash usullari, yarim o‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi, nazariy fizika mutaxassisliklar bo‘yicha aspirantura hamda tayanch doktarantura mavjud bo‘lib, ko‘plab fan nomzodlari va fan doktorlari yetishib chiqqan.
Hozirgi kunda fakultetda matematika, matematik analiz va differensial tenglamalar hamda doktorantura (DSc) va mustaqil izlanuvchilar instituti faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Fakultetda bakalavriatning
1) 5130100 – Matematika
2) 5130200 – Amaliy matematika
3) 60610100 – Kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari
4) 60610204 – Axborot tizimlari va texnologiyalari
5) 60530900 – Fizika
6) 60530500 – Fizika
7) 60112300 -Texnologik ta`lim
8) 60111300 – Texnologik ta’lim
yo‘nalishlari , shuningdek magistraturaning
1) 5A130101– Matematika (yo‘nalishlar bo‘yicha)
2)70540201 - Amaliy matematika (sohalar bo‘yicha)
3) 70530901 – Fizika
4) 70530501 – Fizika
mutaxassisliklari bo‘yicha magistrantlar tayyorlanadi.