Размер экрана:
Размер шрифта:

Mustaqillik arafasida Farg‘ona davlat pedagogika instituti nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki O‘zbekistonning eng yirik va nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri edi. 1989-1990-o‘quv yilida institutning 46 ta kafedrasida 530 dan ortiq professor-o‘qituvchilar mehnat qilar edilar. Ulardan 15 nafari fan doktori va 200 nafari fan nomzodi edilar. Oliy o‘quv yurtining 9 ta fakultetidagi kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlarida 7,9 ming talaba ta’lim olardi. Institut tashkil topgan kundan 1990-yilga qadar 43 mingdan ziyod oliy ma’lumotli pedagoglar tayyorlandi. Istiqlolga erishish ostonasida Farg‘ona pedagogika instituti bazasida universitet tashkil etish masalasi ham o‘rganib chiqildi.
1991-yil 1-martda Farg‘ona shahrida Pedagogika instituti negizida yangi oliy o‘quv yurti – universitet tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shunday qilib, mustaqillik e’lon qilinishi arafasida vodiyda birinchi, Respublikada esa to‘rtinchi universitet – Farg‘ona davlat universiteti tashkil etildi. Universitetning birinchi rektori etib, fizika-matematika fanlari doktori, professor M.Q.Qoraboev tayinlandi.
Keyingi yillarda universitetga fizika-matematika fanlari doktori, professor E.A.Abdullaev (1996-1999-yy.), fizika-matematika fanlari doktori, professor A.Q.O‘rinov (1999-2004-yy.), iqtisod fanlari doktori, professor M.Q.Ziyaev (2004-2005-yy.), biologiya fanlari doktori, professor M.H.Ahmedov (2005-2013-yy.), iqtisod fanlari doktori, professor Sh.X.Tashmatov (2013-2016-yy.), kimyo fanlari doktori, A.X.Xaitbaev (2016-2018-yy.), texnika fanlari doktori, R.H.Maksudov (2018-2021-yy.)lar rahbarlik qildilar.
2021-yilning iyun oydan boshlab Farg`ona davlat universitetiga pedagogika fanlari doktori, professor Shermuhammadov Bahodirjon Shermuhammadovich rahbarlik qilib kelmoqda.
Farg‘ona davlat universitetining tashkil etilishi viloyat va butun vodiyning ijtimoiy va madaniy hayotida muhim voqea bo‘ldi. Universitet maqomidagi oliy o‘quv yurtining vujudga kelishi nafaqat yuqori malakali kadrlar tayyorlash, balki mintaqada ilm-fan taraqqiyoti uchun ham yangi ufqlar ochib berdi. Farg‘onada universitetning ochilishi bu erda yangi kadrlar va tadqiqotlar markazlarini tashkil etish, keng ko‘lamda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, fan va texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish hamda mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirishga munosib hissa qo‘sha boshladi.
«Moziyga qaytib ish ko‘rish – xayrli», deydilar. Farg‘ona davlat universiteti o‘zining shonli boy tarixiga ega. Bu tarix bevosita oldingi Farg‘ona davlat pedagogika instituti faoliyati bilan uzviy bog‘liq.
Farg‘ona oliy pedagogika instituti tashkil topganida uning tarkibida kolxozchi yoshlar fakulteti va ijtimoiy-iqtisodiy hamda tabiyot-biologiya bo‘limlari bo‘lgan. Dastlab institutga atigi 120 nafar talaba qabul qilindi.
Farg‘ona oliy pedagogika institutining birinchi direktori etib professor A.M.Krasnousov tayinlandi. Institut zimmasiga dastlab kolxozchi yoshlar maktablari uchun oliy malakali o‘qituvchi kadrlar tayyorlash va maktablarga uslubiy xizmat ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan.
Dastlab institutga faqat bitta bino – 1902 yilda G.M.Svarichevskiy loyihasi asosida qurilgan sobiq o‘g‘il bolalar gimnaziyasi binosi ajratilganligi sababli o‘quv xonalari, talabalar uchun turar-joy binolari yetishmasdi.
Abiturientlarni institutga qabul qilish borasida ham talay muammolar mavjud edi. Masalan, maktablarda ta’lim-tarbiya darajasi past bo‘lganligi sababli ko‘p abiturientlar mustahkam bilimlarga ega emas edilar. 1930-yilning birinchi semestrida institutda 140 nafar talaba o‘rniga 120 nafar talaba ta’lim ola boshladi. Institut direktori professor A.M.Krasnousov rahbar organlarga yozgan bildirishnomasida qabul qilingan ayrim talabalarning umumiy bilim darajasi va ijtimoiy-siyosiy saviyasi pastligini e’tirof etgan edi.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida 1930-yil 6-mayda O‘zbekiston maorif xalq komissarligi kollegiyasida «Farg‘ona shahridagi oliy pedagogika instituti komplektlanishining borishi to‘g‘risida»gi masala muhokama etildi. Qabul qilingan qarorda Samarqand shahridagi 1- va 2-sonli hamda Toshkentdagi 3-sonli erkaklar pedagogika texnikumlari bitiruvchilarini Farg‘ona pedagogika institutiga o‘qishni davom ettirish uchun yuborish ko‘zda tutildi. O‘qishga qabul qilingan talabalarga ma’lum imkoniyatlar yaratish maqsadida maorif xalq komissarligi 1930-yil 5-iyunda Farg‘ona pedagogika instituti talabalari stipendiyalarini oshirish va uni o‘rta hisobda 50 so‘mga etkazishga qaror qildi. O‘z vaqtida yetarli darajada o‘rta ma’lumot ololmagan ishchi-dehqon yoshlarini institutga kirishga tayyorlash maqsadida uchta maxsus ishchi fakultetlari (rabfaklar) tashkil etildi, ulardan bittasi o‘zbek qizlari uchun mo‘ljallangan edi.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, 1930-yilning kuziga kelib, Farg‘ona oliy pedagogika institutiga rejada belgilangandan ko‘proq talabalar qabul qilindi, ularning sifat tarkibi birmuncha yaxshilandi. 1930-yilning 16-oktyabrida institutda ta’lim olayotgan talabalar soni 160 tani tashkil etdi. Qabul qilingan talabalarning 75 nafari o‘zbeklar bo‘lib, ulardan 19 tasi xotin-qizlar edi.