Ekran o‘lchami:
Shrift o‘lchami:
Mustaqillik
yillarida O‘zbekiston madaniyati: tarixiy meros va madaniy yuksalish” mavzusida
Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi.
Ilmiy
anjuman O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi madaniy taraqqiyoti,
xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va
rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarni ilmiy jihatdan o‘rganish,
tahlil qilish hamda keng jamoatchilikka yetkazish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat
kasb etadi.
Anjuman ishtirokchilari —
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi
Tatyana Karimova hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi
Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari Temur Shirinov Farg‘ona davlat
universiteti rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov hamda Farg‘ona
viloyati hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov tomonidan milliy
an’analarimizga xos samimiy va yuksak hurmat ruhida kutib olindi.
Mehmonlar universitetda tashkil
etilgan, Birinchi Prezident Islom Karimovning hayoti va faoliyati, mamlakatimiz
mustaqilligi hamda taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatiga oid foto-suratlar va
nashrlar namoyish etilgan ko‘rgazma bilan tanishdilar.
Ko‘rgazma bilan tanishuv
jarayonida Islom Karimovning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi faoliyati,
mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalar
hamda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash borasidagi
tashabbuslari haqida samimiy fikr almashildi. Kitoblar va tarixiy fotosuratlar
yuzasidan kechgan suhbat anjuman ishtirokchilarida alohida taassurot qoldirdi.
Anjuman doirasida mustaqillik yillarida
O‘zbekiston madaniyatining rivojlanish bosqichlari, tarixiy obidalar va madaniy
merosni muhofaza qilish, milliy san’at va adabiyotning taraqqiyoti, ma’naviy
qadriyatlarning jamiyat hayotidagi o‘rni kabi yo‘nalishlarda ilmiy ma’ruzalar
va fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir olimlar, tadqiqotchilar,
professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari hamda talaba-yoshlar o‘rtasida
ilmiy fikr va tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun
muhim ilmiy-ma’rifiy maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Islom Karimov o‘qishlari”
doirasidagi mazkur anjuman milliy tariximiz va madaniy merosimizni chuqur
o‘rganish, mustaqillik davrida erishilgan madaniy yutuqlarni ilmiy tahlil
qilish hamda ularning ahamiyatini yosh avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim tadbirlardan
biridir.









